Samarqandda inspektorga pora sifatida giyohvand modda taklif qilganlar qo‘lga olindi

Samarqand viloyatida 5-iyul, yakshanba kuni mast erkaklar yo‘l harakati qoidalarini buzib, ishni hal qilib berish uchun inspektorga pora sifatida giyohvand modda taklif qilishgan.

Ma’lum qilinishicha, 5-iyul tungi soat 1:00 da Samarqand shahar Husayn Boyqaro ko‘chasi bo‘ylab borayotgan inspektorlar guruhi Alisher Navoiy ko‘chasi tomon harakatlanayotgan “Nexia” avtomobilini ko‘rishadi. Yo‘l-patrul xizmati xodimlarini ko‘rgandan so‘ng haydovchi tezlikni keskin oshiradi.

“Hamkasblarim bilan uning ortidan kuzatib, haydovchidan avtomobilni yo‘l chetida to‘xtatishini talab qildik. Lekin u to‘xtash o‘rniga tobora tezlikni oshirdi. Oqibatda avtoulov tor ko‘chalardan biridagi turarjoyga borib urildi. Avtomobil salonidan tushgan ikki kishi mast holatda ekani yaqqol sezilib turardi. Biz ularga narkologik dispanserga borishini taklif etdik, ammo yigitlar rozi bo‘lishmadi. Shunda ulardan biri cho‘ntagidan qog‘oz kupyuraga o‘ralgan quritilgan o‘simlikni chiqarib, menga kelishishni taklif qildi. Huquqbuzarlarning bu taklifi hammasidan oshib tushdi. Darhol ularni qo‘lga oldik”, — deydi inspektor.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra huquqbuzarlar taklif etgan bu narsa kannabis giyohvandlik moddasi bo‘lib, og‘irligi 5,49 grammni tashkil etgan. Huquqbuzarlar shahar 4-ichki ishlar bo‘limiga, avtomobil esa jarima maydonchasiga yetkazilgan. Ayni damda mazkur holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov ishlari olib borilmoqda.

Avvalroq Samarqandda bosqinchilik qilib, 4 million so‘m va 2 dona telefon o‘g‘irlagan shaxslar qo‘lga olingandi.

Янгиликлар