Rossiya Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha yakuniy natijalar e’lon qilindi

Rossiya Markaziy saylov komissiyasi 2-iyul Moskva vaqti bilan soat 7:00 ga qadar Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha o‘tkazilgan saylov natijalarini hisoblab chiqdi. Bu haqda RBK xabar berdi.

Qayd etilishicha, saylovda ovoz berish yoshiga yetgan fuqarolarning 65 foizi qatnashgan. Markaziy saylov komissiyasi 99,97 foiz protokollarni ko‘rib chiqqan. Asosiy qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarni 77,92 foiz saylovchi qo‘llab-quvvatlagan, 21,26 foiz ishtirokchi qarshi ovoz bergan.

Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartirishlarga qarshi bo‘lganlar soni qo‘llab-quvvatlovchilar sonidan oshgan yagona mintaqa Nenets avtonom okrugi bo‘ldi.

2-iyulga o‘tar kechasi Markaziy saylov komissiyasi elektron ovoz berish shtab-kvartirasi 25–30-iyun kunlari Moskva va Nijniy Novgorodda bo‘lib o‘tgan saylov natijalari haqida ham xabar bergan. Ta’kidlanishicha, saylovga kelganlar 93,02 foizni tashkil etgan, poytaxtda saylovchilarning 62,33 foizi o‘zgartirishlarni yoqlab, 37,67 foizi esa qarshi ovoz bergan. Nijniy Novgorod viloyatida 59,69 foiz ishtirokchi o‘zgartirishlarni qo‘llab-quvvatlagan, 40,31 foizi qarshi ovoz bergan.

Янгиликлар