Namanganda SEOM xodimi 40 million so‘m pora bilan qo‘lga tushdi

Namanganda viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi iqtisodchisi 40 million so‘m pora bilan qo‘lga tushdi. Bu haqda “Daryo”ga Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining viloyat boshqarmasi ma’lum qilgan.

Foto: Daryo

Chortoq tumanida joylashgan MChJlardan birining rahbari 2020-yil 18-iyun kuni ariza bilan murojaat qilib, viloyat SEOM xodimi Yu.Sh. ismli shaxs 7000 dona himoya kiyimini sotib olish uchun tuzilgan shartnoma bo‘yicha 6100 dona kiyimni qabul qilib olib, 175 million so‘mni MChJ hisob-raqamiga o‘tkazib berish evaziga 15 million so‘m shartnoma bo‘yicha kam topshirilgan. Omborga kirim qilinmagan 900 dona himoya kiyimi o‘rniga esa 25 million so‘m, jami 40 million so‘m pora talab qilayotganligini bildirgan.

MChJ rahbari arizasida keltirib o‘tilgan vajlarni tekshirish maqsadida DXX viloyat boshqarmasi xodimlari departament vakillari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazib, Chortoq tumani markazida joylashgan dorixona oldida shu tumanda yashovchi Yo.A. kimyoviy ishlov berilgan 40 million so‘mni olgan vaqtida ushlangan.

U o‘z ko‘rsatmasida qo‘shnisi ushbu pullarni olib qo‘yishni, keyinchalik o‘ziga berishini tayinlaganligini bildirgan. Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilib, Namangan shahridagi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filiali darvozasi oldida viloyat SEOM iqtisodchisi bo‘lib ishlovchi Yu.Sh. qo‘shnisi Yo.A.dan 40 million so‘mni olayotgan vaqtida ushlanib, ushbu pullar ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirilgan.

Hozirda ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Toshkent viloyatida neft bazalaridan biriga rahbarlikka tayinlashda yordam berishini aytib fuqarodan 50 ming dollar talab qilgan mayor ushlangani haqida xabar berilgandi.