O‘zbekistonda koronavirusdan uyda davolanayotganlarga tibbiy yordam berish uchun mobil guruhlar tashkil etiladi

Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgan bemorlar bilan aloqada bo‘lgan shaxslarni karantinda saqlashning quyidagi tartibi joriy etildi:

Koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgan bemorlar bilan aloqada bo‘lgan shaxslar uy sharoitida karantinda saqlanadi;

Karantinda saqlash muddati 14 kundan 10 kunga qisqartiriladi hamda 10 kun muddatda koronavirus infeksiyasini aniqlash bo‘yicha test natijalari manfiy bo‘lgan taqdirda karantindan chiqariladi;

Test natijalari musbat bo‘lgan taqdirda, bemorda koronavirus infeksiyasining klinik belgilari kuzatilsa, shifoxonaga joylashtiriladi, kasallik alomatlarsiz o‘tayotgan bo‘lsa, uy sharoitida davolanishga o‘tkaziladi (uy sharoitida davolashning imkoni bo‘lmasa, belgilangan tartibda tibbiyot muassasasida davolashga o‘tkaziladi).

Kasallik alomatlarsiz yengil shaklda kechayotgan bemorlarni uy sharoitida davolash, shuningdek, bemorlar bilan aloqada bo‘lganlarni uy sharoitida karantinga olish tartibi joriy etilishi munosabati bilan Respublika maxsus komissiyasining qarorida quyidagilar belgilandi:

Uy sharoitida davolanayotgan bemorlar hamda bemorlar bilan aloqada bo‘lib, uy sharoitida karantinga olingan shaxslarning doimiy tibbiy nazoratda bo‘lishi belgilandi;

Aholiga, shu jumladan, uy sharoitida davolanayotgan bemorlar hamda karantinga olingan shaxslarga tibbiy maslahat hamda axborot berishga qaratilgan tunu-kun uzluksiz faoliyat ko‘rsatuvchi Call-center faoliyati yo‘lga qo‘yiladi;

Uy sharoitida davolanayotgan bemorlar hamda karantinga olingan shaxslarga joyiga chiqqan holda tibbiy yordam ko‘rsatishga ixtisoslashgan mobil guruhlar tashkil etiladi.

Avvalroq shifoxonalarda va uy sharoitida davolanayotgan kasallik alomatlarsiz yengil shaklda kechayotgan bemorlarni 10 kun muddatda klinik belgilari kuzatilmagan taqdirda nazoratdan chiqarish amaliyoti joriy etilgan edi.

Янгиликлар