Avtomobil salonida yolg‘iz ketayotgan haydovchi ham niqobda yurishi kerakligi ma’lum qilindi

AOKA anjumanlar zalida Respublika maxsus komissiyasining karantin choralarini kuchaytirish borasidagi qarori yuzasidan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Sanitariya-epidemiologik nazorat davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekov avtomobilda yolg‘iz ketayotgan haydovchi ham niqobda yurishi kerakligi haqidagi  savolga javob qaytardi.

Ma’lum qilinishicha, Nurmat Otabekov Respublika maxsus komissiyasi qarorlarida “salonning ichidagi haydovchi niqob taqib yurmasa ham bo‘ladi”, degan fikr yo‘q ekanligini ta’kidlagan.

“Doka niqob haqida fikrlar ko‘p. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va boshqa idoralar niqob taqishga alternativ bo‘lgan uslub bo‘yicha taklif bermagan. O‘zimizni tajribani qaraydigan bo‘lsak, biron-bir jamoada kasalliklar aniqlanganda, muntazam niqob taqib yurganlar sog‘lom chiqyapti”, — dedi Otabekov.

Avvalroq agar haydovchi avtomobilda bir o‘zi bo‘lsa, tibbiy niqob taqishi shart emasligi ma’lum qilingan edi.

Янгиликлар