Buxoroda koronavirusga chalingan Afg‘onistonlik erkak kasallikning 46-qurboni bo‘ldi

Afg‘oniston fuqarosi 40 yoshli erkak M.H. o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bemorni 2-3 kun davomida yo‘tal va tana harorati ko‘tarilishi bezovta qilgan. 21-iyun kuni tez tibbiy yordam chaqirtirilib, Buxoro viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasining reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

Bemorga COVID-19, ikki tomonlama pnevmoniyaning o‘ta og‘ir kechishi, nafas yetishmovchiligining 3-darajasi, yurak yetishmovchiligi tashxisi qo‘yilgan. Shifoxonada bemor bir necha marta mutaxassislar tomonidan onlayn konsultatsiya qilingan, davolash jarayoni ularning tavsiyasi asosida olib borilgan.

Shifokorlar tomonidan o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemor o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirusga chalingan 11 259 nafar bemordan 7 060 nafari sog‘aygan, 4 152 nafari davolanmoqda. Ulardan 31 nafari og‘ir, 12 nafari o‘ta og‘ir ahvolda.

Янгиликлар