Davlat test markazi OTMlarga kirish imtihonlari onlayn bo‘lishi haqidagi xabarlarni rad etdi

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Respublika maxsus komissiyasining mamlakatda karantin choralarini kuchaytirish bo‘yicha axboroti yuzasidan 8-iyul kuni matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Foto: “Oliygoh.uz”

Davlat test markazi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, mazkur matbuot anjumanidan so‘ng turli manbalarda davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish imtihonlari onlayn bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Prezidentining 2019-yil 14-maydagi “Oliy ta’lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4319-sonli qaroriga muvofiq, oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga mos test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, baholash mezonlari, test topshiriqlari soni hamda test sinovlarini o‘tkazishning aniq muddatlari O‘zbekiston ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi.

Hozirgi kunda Davlat test markazi tomonidan test sinovlarini har yilgi shaklda, katta sig‘imli binolarda, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilgan holda o‘tkazish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

“Davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish imtihonlarini o‘tkazish tartibi o‘zgarmagan”, – deyiladi bayonotda.

Янгиликлар