O‘zbekiston elchisi onlayn tarzda Hindiston Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi

Hindiston Tashqi ishlar vazirligida 8-iyul kuni O‘zbekiston elchisi Dilshod Axatovning Hindiston Prezidenti Ram Nath Kovindga ishonch yorliqlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

Videokonferensiya shaklida o‘tkazilgan suhbat chog‘ida Hindiston Prezidenti ikki va ko‘p tomonlama shakllarda COVID-19 tarqalishiga qarshi kurashdagi samarali hamkorlikni qayd etdi.

Shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasida investitsiya, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, madaniyat va boshqa sohalarda o‘zaro manfaatli va samarali hamkorlik rivojlanib borayotgani ta’kidlandi.

Hindiston rahbari 2021—2022-yillarda BMT Xavfsizlik kengashining doimiy bo‘lmagan a’zoligiga Hindiston nomzodini qo‘llab-quvvatlagani uchun O‘zbekistonga samimiy minnatdorlik izhor etdi va xalqaro tashkilotlar doirasida konstruktiv hamkorlikni yanada rivojlantirishga ishonch bildirdi.

Ma’lumot uchun, Shavkat Mirziyoyev Hindiston Prezidenti Ram Nath Kovindning taklifiga binoan 2018-yil 30-sentabr – 1-oktabr kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘lgan edi.

 

Янгиликлар