Navoiyda 500 mln so‘mdan ortiq mablag‘ni o‘zlashtirgan “SES” bosh shifokori va ombor mudiri hibsga olindi

Navoiy viloyati Sanitariya va epidemiologiya osoyishtalik markazi xodimlari Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi hisobidan ajratilgan 500 million so‘mdan ortiq mablag‘ni o‘zlashtirgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura “Teznews”ga ma’lum qildi.

Markazning mansabdor va moddiy javobgar shaxslari jami 509,8 million so‘mlik tovar moddiy boyliklarini o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.

“Navoiy viloyati Sanitariya va epidemiologiya osoyishtalik markazi mansabdor shaxslarining asosiy vazifasi mamlakatda koronavirus pandemiyasi sababli karantin e’lon qilinganligi munosabati bilan viloyatda sanitariya va epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash bo‘lsa-da, O‘zbekiston Prezidentining 2020-yil 19-martdagi PF-5969-sonli farmoni asosida tashkil qilingan Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi hisobidan ajratilgan mablag‘larni maqsadsiz sarflagan”, — deyiladi Bosh prokuratura xabarida.

Jinoyat ishi tergovi davomida markaz ombor mudiriga 27-iyun va markaz bosh vrachiga 4-iyul kuni Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi, 209-moddasi 2-qismi “a” bandi (Mansab soxtakorligi), 205-moddasi 2-qismi “a” bandi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) bilan ayblov e’lon qilinib, qamoq tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Hozirda jinoyat ishi doirasida holatga aloqador boshqa shaxslarning ayblilik masalasi hal qilinmoqda.

Shuningdek, markazdagi 7 nafar mansabdor va moddiy javobgar shaxslarning turar joylarida tintuvlar o‘tkazilganda ularning xonadonidan 6 dona ko‘p tarmoqli davolash va 1 dona tashxis qo‘yish uskunasi hamda markazning 2019-yil uchun yuritilgan buyruqlarni ro‘yxatga olish kitobi, xo‘jalik mudirining xonadonidan 8 to‘plam infeksiyaga qarshi maxsus himoya kiyimi va 5 turdagi tibbiy himoya vositalari olingan.

Jinoyat ishi bo‘yicha Navoiy viloyati prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Avvalroq Namanganda SEOM xodimi 40 million so‘m pora bilan qo‘lga tushgani haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар