O‘zbekistonda karantin tartibi kuchaytirilgani sabab akademik litseylarning saralash imtihonlari noma’lum muddatga qoldirildi

O‘zbekistonda karantin talablarining kuchaytirilishi munosabati bilan akademik litseylarda saralash imtihonlari noma’lum muddatga qoldirildi. Bu haqda Toshkent shahar Xalq ta’limi bosh boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Toshkent shahar XTBB 9-sinf bitiruvchilari va ularning ota-onalariga murojaat qilib, maxsus komissiya qaroriga muvofiq, karantin talablarining kuchaytirilishi munosabati bilan akademik litseylarda saralash imtihonlari noma’lum muddatga qoldirilganligini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-martdagi qarori bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq, akademik litseylarda saralash imtihonlari har yili 10-iyuldan 25-iyulga qadar o‘tkazilishi belgilangan edi.

Ma’lumot uchun, ota-onalarga qulaylik yaratish maqsadida respublikadagi barcha akademik litseylar haqida ma’lumotlar umumlashtirilgan maxsus Telegram kanal tashkil etilgandi. Ushbu kanalda akademik litseylarning rasmiy sahifalari orqali o‘quvchilar o‘zlari tanlagan yo‘nalishlar bo‘yicha hujjatlarni onlayn topshirish imkoni bo‘lgan.

Янгиликлар