O‘zbekistonda Suv kodeksi ishlab chiqiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni bilan O‘zbekistonda suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020—2030-yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi asosida suv resurslari va ulardan foydalanish bo‘yicha Suv kodeksi ishlab chiqiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Farmon va konsepsiyada belgilangan vazifalarni 2020—2022-yillarda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xarita”si tasdiqlangan. Unga muvofiq, suv resurslarini boshqarish, suvdan samarali foydalanish va suvni iste’mol qilish bo‘yicha samarali mexanizmlarni joriy etish maqsadida Suv kodeksi ishlab chiqiladi.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishda suvni tejaydigan texnologiyalar bilan qamrab olingan yerlarning umumiy maydonini 2 million gektargacha, shu jumladan, tomchilab sug‘orish texnologiyasini 600 ming gektargacha yetkazish va suv xo‘jaligida davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida 50 ta loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Ma’lumot uchun, suv omborlari, sel-suv omborlari va boshqa suv xo‘jaligi obyektlarining xavfsizligini hamda ishonchli ishlashini ta’minlash konsepsiyaning ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan.

Avvalroq O‘zbekistonda suv hisobini yuritishda raqamli texnologiyalar joriy etilishi haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар