Yozyovon tumanidagi choyxona va savdo do‘konlarida yong‘in sodir bo‘ldi

Farg‘ona viloyati Yozyovon tumani Mustaqillik ko‘chasida joylashgan binolarda yong‘in sodir bo‘ldi, deb xabar berdi Favqulodda vaziyatlar vazirligi.

Foto: FVV

Ma’lum qilinishicha, 13-iyul kuni soat 00:25 da Farg‘ona viloyati Yozyovon tumani “Navro‘z” mahallasi Mustaqillik ko‘chasida joylashgan choyxona, savdo do‘konlari, chevarxona hamda maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida — jami 200 kvadrat metr hududda yong‘in sodir bo‘ldi. Oqibatda do‘konlarning ichki va tom qismi yongan. Yong‘in-qutqaruv jangovar bo‘linmalari manzilga soat 00:30 da yetib borib, 00:50 da hudud o‘rab olinib, 02:00 da yong‘in batamom o‘chirilgan. Voqea joyiga 7 ta yong‘in o‘chirish ekipaji jalb qilingan. Umumiy 800 kvadrat metr maydon saqlab qolingan.

Foto: FVV

Yong‘inda jabrlanganlar va jarohat olganlar yo‘q. Falokat sabablari va yong‘indan keltirilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.