Namangan shahrining ichki ko‘chalarida avtotransport vositalarining hujjatlari tekshirilayotganligiga izoh berildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan shahrining ichki ko‘chalarida avtotransport vositalarining hujjatlari tekshirilayotganligi haqida videotasvir tarqaldi. Namangan ichki ishlar boshqarmasi bu holatga izoh berdi.

10 -iyuldan boshlab, viloyatlararo kirish hamda chiqish to‘la to‘xtatilgan. Namangan viloyati hududida infeksiya yuqtirish holatlarini kamaytirish va oldini olish uchun Namangan shahridan barcha tumanlarga va tumanlardan shaharga kirish cheklandi. O‘ta zarur bo‘lgan hollarda ertalab soat 07:00 dan 10:00 gacha, kechki payt 17:00 dan 20:00 gacha ko‘chalarda avtomashinada harakatlanish mumkin.

Karantin davrida nafaqat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari, balki mazkur tadbirlarni o‘tkazishga jalb etilgan barcha ichki ishlar organi xodimlari, profilaktika inspektorlari va Milliy gvardiya xodimlari ham transport vositalari uchun berilgan maxsus stikerlarni tekshirib, ularda stiker mavjud emasligi aniqlanganda transport vositasi jarima maydoniga olib kirilib, ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirish uchun sanitariya-epidemiologiya markazlari xodimlariga topshirishlari mumkin, deyiladi xabarda.

Shundan kelib chiqqan holda Namangan shahrining ichki ko‘chalarida ichki ishlar organi xodimlari, profilaktika inspektorlari, Milliy gvardiya tomonidan reyd tadbirlari olib borilib, transport vositalarining harakatlanishiga ruxsat berilganligi to‘g‘risida maxsus ruxsatnoma stikerlari tekshirilmoqda, deya yakunlangan rasmiy axborot.

Eslatib o‘tamiz, 13-iyuldan O‘zbekistonda qo‘shimcha karantin qoidalari kuchga kirdi. Mahalliy poyezd va aviaqatnovlar to‘xtatildi. Shuningdek, dam olish kunlari avtotransport harakati butunlay cheklandi.

Янгиликлар