13-iyuldan mahalliy poyezd va aviaqatnovlar to‘xtatildi — O‘zbekistonda qo‘shimcha karantin qoidalari kuchga kirdi

Respublika maxsus komissiyasining qaroriga ko‘ra, shu yilning 13-iyulidan 1-avgustiga qadar O‘zbekistonda qo‘shimcha karantin qoidalari kuchga kirdi. Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanalining Yangiliklar dasturida ma’lum qilindi.

Xabar berilishicha, 1-avgustga qadar sartaroshxona va go‘zallik salonlarining faoliyati, mahalliy poyezd va aviaqatnovlar to‘xtatildi. 65 yoshdan oshgan shaxslarga o‘zini o‘zi yakkalash hayot tarziga amal qilish va sababsiz uydan tashqariga chiqmaslik tavsiya qilinadi.

Shuningdek, shu yilning 18—19-iyul hamda 25—26-iyul (shanba va yakshanba) kunlari butun sutka davomida respublika miqyosida avtotransport vositalarining, shu jumladan, yo‘nalishsiz taksilarning ham harakati to‘xtatiladi. Maxsus stikerli hamda ruxsatnoma talab etilmaydigan holatdagi transport vositalari bundan mustasno.

Ma’lumot uchun, 10-iyuldan 1-avgustga qadar bo‘lgan muddatda “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJda 5900 ta chipta sotilgan. Karantin choralari kuchaytirilib, poyezdlar qatnovi to‘xtatilgani sababli yo‘lovchilarga sotib olingan chipta pullari qaytarilishi ma’lum qilingan.

Shuningdek, Uzbekistan Airways AJ tomonidan “Toshkent-Nukus”, “Toshkent-Urganch”, “Toshkent-Termiz” yo‘nalishlarida 13-iyuldan 1-avgustga qadar bo‘lgan muddatda 332 ta aviachipta sotilgani ma’lum qilindi. Sotib olingan aviachiptalarning amal qilish muddati bir yilgacha haqiqiy hisoblanadi.

Янгиликлар