G‘allaorolda “SES” xodimlari tasvirga olish jarayonidan so‘ng ketib qolgani ma‘lum bo‘ldi

Jizzax viloyati Gʻallaorol tumani markazidagi bozorda Sanitariya va epidemiologiya osoyishtalik markazi xodimlari tasvirga olish jarayonlari tugaganidan so‘ng xizmat joyidan ketib qolgani aniqlandi. Bu haqda “O‘zbekiston24” telekanalining yangiliklar dasturida lavha namoyish etildi.

Lavhada aytilishicha, tuman markazida joylashgan do‘konlarning ayrimlarida karantin qoidalariga rioya qilinayotgan bo‘lsa, ba’zilarida esa e’tibor ham berilmagan. Ogohlantirishlarga qaramasdan, sanitariya qoidalariga amal qilmayotgan va faoliyati taqiqlangan bo‘lsa-da, ishlashda davom etayotgan bir qancha tadbirkorlarga nisbatan Davlat sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi xodimlari ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirgan.

“Bozorga kiraverishda dastlab sanitariya-epidemiologiya xodimlarining ishlayotganini ko‘rdik. Ammo 15-20 daqiqadan so‘ng qaytib kelganimizda bu yerdagi mas’ullarni topa olmadik. Fuqarolar bozor hududiga kirib-chiqishda erkin harakat qilmoqda. Umuman, bozor hududida aksariyat tadbirkorlar mavjud tartib-qoidalarga amal qilgan holda ishlamoqda. Rastalar oldi polietilen to‘siqlar bilan o‘ralgan, ammo sotuvchilarda qo‘lqop yo‘q”, — deydi jurnalist.

Muxbirning qo‘shimcha qilishicha, niqobsiz yurgan, eskirgan niqobdan foydalanayotgan, niqobdan noto‘g‘ri foydalanayotgan fuqarolarga tuman ichki ishlar xodimlari tomonidan tushuntirishlar olib borilgan.

Avvalroq Navoiyda 500 million so‘mdan ortiq mablag‘ni o‘zlashtirgan “SES” bosh shifokori va ombor mudiri hibsga olingani haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар