Namangan viloyatida oxirgi olti oyda 200 ta oilaning turmushi tiklandi
Oxirgi olti oyda Namangan viloyatida FHDY bo‘limlari tomonidan 200 ta oilaning turmushi tiklandi. Bu haqda Davlat xizmatlari agentligining viloyat boshqarmasi ma’lum qilgan.
“Har bir ajrashish arafasida turgan oilalarni o‘rgansangiz, ularning muammolari bir-biriga juda o‘xshaydi. Ammo ajrimga qadar oilani saqlab qolishning imkoniyati ancha yuqori. FHDY bo‘limlariga ham kun ora ajrashaman, deb keluvchilar juda ko‘p. Biz birinchi galda ular bilan suhbat quramiz, ajrashish sabablarini obdon o‘rganib chiqamiz. Shundan so‘ng ajralishning salbiy oqibatlari haqida tushunchalar beramiz. Mahalla faollari bilan ajrimning oldini olish tadbirlarida qatnashamiz. Shuning natijasi o‘laroq, Chust tumanida o‘tgan 6 oy davomida 96 ta oilani yarashtirishga erishdik”, — deydi Chust tuman FHDY bo‘limi mudiri.
Ma’lumot uchun, 2019-yil O‘zbekistonda 104 159 ta va 2020-yilning hozirgi kunigacha 80 139 ta nikoh qayd etilgan.