Zangiota tumanida koronavirus bemorlarini davolash uchun qurilgan kasalxonagi joylar yana 1000 oʻringa koʻpaytiriladi
Toshkent viloyati Zangiota tumanida koronavirus bemorlarini davolash uchun maxsus qurilgan kasalxonagi joylar soni yana 1000 oʻringa koʻpaytiriladi, deb xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.
Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev 15-iyul, chorshanba kuni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida pandemiya bilan bog‘liq vaziyat muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektorda ko‘rsatma bergan.
Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Habibulla Oqilov 14-iyul, seshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda ushbu kasalxona ochilganiga bir hafta bo‘lmasdan bemorlarga to‘lib bo‘lganini ma’lum qilgandi.
Xabarda qayd etilishicha, virus yuqtirganlar soni poytaxtda 4 092 nafarni va Toshkent viloyatida 1 498 nafarni tashkil etmoqda. Bu butun mamlakat boʻyicha kasallarning 40 foizi deganidir. Toshkent shahrida koronavirusdan oʻlim soni ham keskin koʻpayib, 45 taga yetgan.
Ayni paytda Toshkent shahri shifoxonalarida 418 ta, Toshkent viloyatida esa 816 ta shtat birliklari boʻsh turgani vazirlik va hokimiyat tomonidan joriy vaziyat oʻz holiga tashlab qoʻyilganidan dalolat beradi.
Yigʻilishda taʼkidlanganidek, aholi koronavirus va boshqa kasalliklar boʻyicha qayerga borib murojaat qilishni va davolanishni bilmay, sarson boʻlmoqda. Shoshilinch tibbiy yordamga qoʻngʻiroq qilib tushish qiyinlashib ketgan. Shu sababli Toshkent shahri va poytaxt viloyatidagi poliklinikalar huzuridagi mobil guruhlar sonini uch barobar koʻpaytirish vazifasi yuklatildi.
Bundan tashqari, COVID-19 bilan ishlayotgan tibbiyot xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish, kasallar uchun qoʻshimcha oʻrinlar tashkil etish, shuningdek, karantin hududlaridagi shaxslarni uy karantiniga bosqichma-bosqich oʻtkazish masalalari koʻrib chiqildi, zarur choralar belgilandi.
Aholidan murojaatlar soni keskin ortib borayotganini hisobga olib, koll-sentrlar aloqa vositalari va operatorlari sonini kamida ikki barobarga oshirish lozimligi taʼkidlandi.
“Yana bir bor taʼkidlayman. Ayni paytda butun dunyo, shu jumladan, biz ham koʻrinmas dushman bilan chin maʼnoda urush olib boryapmiz. Bu virusning barcha xavf va xatarini toʻgʻri baholab, har tomonlama tayyorgarlik koʻrib kurashsak, uni albatta yengamiz”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Avvalroq Prezident Jahongir Ortiqxo‘jayev va Alisher Shodmonovga hayfsan bergani, dorixonalarda virus va isitmaga qarshi preparatlar narxi asossiz, bir necha barobar oshirib yuborilganini tandiq qilgani xabar berilgan edi.