O‘zbekistonda 6 oyda birja orqali sotilgan tovarlarning umumiy qiymati ma’lum qilindi

“O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ da tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 2020-yilning 1-yarim yillik yakunlariga ko‘ra 25 405,6 milliard so‘mni tashkil qildi va 2019-yilning mos davriga nisbatan 22 foizga o‘sdi. Bu haqda birja matbuot xizmati xabar berdi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari ishtirokida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 9 664,3 milliard so‘mni tashkil etdi. Shu jumladan, tadbirkorlar birja orqali 6 552,5 milliard so‘mlik tovar resurslarini xarid qilib, 3 111,8 milliard so‘mlik mahsulot sotdi.

Birja savdolari orqali 22 362,7 milliard so‘mlik tovarlar sotilib, o‘sish 20,8 foizni tashkil etdi. Sotuvchi korxonalar savdolar davomida real bozor narxlarining shakllanishi evaziga 1 283,2 milliard so‘mlik qo‘shimcha daromad olishdi va bu 2019-yilning yanvar — iyun oylariga nisbatan 18,8 foizga ko‘pdir.

Birja orqali 47,6 million AQSh dollarlik mahsulotlar eksport qilindi. Shu jumladan, birja eksportining tarkibini polietilen — 39 foiz, o‘simlik yog‘i — 20 foiz, paxta tolasi — 12 foiz, neft mahsulotlari — 12 foiz, polipropilen — 10 foiz, suyultirilgan gaz — 4 foiz, chorva uchun yemlar — 3 foiz va boshqa mahsulotlar egalladi.

Shuningdek, birjaning onlayn auksionida 98,6 milliard so‘mlik 24,8 mingdan ziyod avtoraqamlar sotildi va ularning umumiy qiymati o‘tgan yilning 1-yarim yilligiga nisbatan 36,3 foizga o‘sdi.

Avvalroq Samarqandda 6 oy ichida qariyb 3 trillion so‘m kredit ajratilgani, O‘zbekistonda xorijiy valyuta sotib olish hajmi 6 oy davomida 1,7 milliard dollarga yetgani haqida xabar berilgan edi.