Kogonda yarim oy muddatda mingga yaqin fuqaro o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tdi

Buxoro viloyati davlat soliq xizmati xodimlari pandemiya sharoitida ish bilan band bo‘lmagan aholi qatlamini doimiy daromadga ega qilishga yordam bermoqda. Bu haqda Buxoro viloyati davlat soliq boshqarmasi xabar berdi.

Buxoro viloyati Kogon shahrining “Bunyodkor” mahallasida yashovchi Sherzod Hakimov yoshligidan duradgorga shogird tushgan, sakkiz yildirki, yog‘och o‘ymakorligi, milliy me’morchilik bilan shug‘ullanib keladi. Shunga qaramasdan, u rasman ishsizlar qatorida mehnat daftarchasiga ega emas edi.

O‘zbekiston Prezidentining 2020-yil 8-iyundagi “Tadbirkorlik faoliyati va o‘zini o‘zi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori Sherzodga o‘xshagan hunarmandlar uchun ham ayni muddao bo‘ldi. U mazkur qaror talabidan kelib chiqqan holda “Soliq mobil” ilovasi haqida davlat soliq inspeksiyasi xodimlaridan batafsil ma’lumot oldi va yog‘och o‘ymakorligi yo‘nalishini tanlab, ro‘yxatdan o‘tdi. Shu tariqa daromad manbaiga ega bo‘lgan yigit amaldagi tartibga ko‘ra bir yilga bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdoridagi to‘lovni amalga oshirib, mehnat daftarchasiga bir yillik ish stajini yozdirdi.

Nafosat ko‘chasida istiqomat qilayotgan Dilrabo Sayfullayeva ham yakka tartibda avtomobillar o‘rindiqlariga g‘ilof tikib tayyorlash hunarini o‘zlashtirgan. Buyurtma asosida oilasiga daromad olib kelayotgan bu qiz ham yuqoridagi imkoniyatdan foydalangan holda o‘z faoliyatini rasmiylashtirib, mehnat daftarchasiga, ish stajiga ega bo‘ldi.

Qarorga muvofiq, birgina Kogon shahri bo‘yicha shu yil yakuniga qadar 907 nafar fuqaro o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tishi belgilangan. Ayni paytda esa bu ko‘rsatkich yarim oy muddatda 980 nafarga yetkazilgan.

Unga ko‘ra, karantin paytida o‘zini o‘zi yakkalash ijtimoiy yo‘nalishlari bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishda 201, sanoat yo‘nalishi bo‘yicha xizmatlarda 253, qishloq xo‘jaligi tarmog‘idagi xizmatlarda 89, axborot-kommunikatsiya tarmog‘ida 7, maishiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha 320, xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish yo‘nalishida 110 nafar fuqaroni tashkil etmoqda.

Foto: Buxoro viloyati davlat soliq boshqarmasi

Erishilayotgan muvaffaqiyatlar sabab Kogon shahar DSIning bir guruh xodimlari rag‘batlantirildi. Viloyat davlat soliq boshqarmasi ularni 5 ta zamonaviy kompyuter jamlanmasi bilan taqdirladi.

Янгиликлар