Namangan shahrida 5 gektar yerni sotmoqchi bo‘lgan fermer qo‘lga tushdi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Namangan shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirida fuqaro A.T. o‘zining “M.S.” fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan 5 gektar yer maydonini sotmoqchi bo‘lib, pora olgan vaqtida qo‘lga tushdi. Bu haqda Bosh prokuratura “TezNews”ga xabar berdi.

U o‘z yerini fuqaro M.J.ning nomiga bog‘ tashkil etish uchun sotmoqchi bo‘lgan hamda tanishlari orqali tuman hokimi qarorini chiqartirib berishi evaziga firibgarlik yo‘li bilan 85 million so‘m talab qilib, shundan 4 000 AQSh dollari va 10 million so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan A.T.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq Namanganda firibgar ayol 800 AQSh dollari pora bilan qo‘lga tushgani xabar qilingan edi.

Eslatib o‘tamiz, Xorazmda 6000 dollar evaziga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, til biriktirgan maktab va universitet o‘qituvchisi qo‘lga tushgandi.

Shuningdek, Farg‘onada hamkorlikda tadbirkorlik bilan shug‘ullanishni aytib, tanishini 32 500 dollarga “uxlatgan” shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgani haqida xabar qilingandi.

Янгиликлар