Qashqadaryoda “Nexia” va “Lacetti” to‘qnashib ketdi. Bir kishi halok bo‘ldi

Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumani hududida ro‘y bergan yo‘l-transport hodisasi natijasida bir kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “Postda” nashri xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Qamashi tumanidagi Gulobod qishlog‘ida yashagan, 1996-yilda tug‘ilgan O.Sh. boshqaruvidagi “Nexia-2” rusumli avtomashina Chiroqchi tumani hududidan o‘tgan A-378 Samarqand—Gʻuzor yo‘lining 94-kilometrida qarama-qarshi tomondan harakatlanib kelayotgan haydovchi A.Q. boshqaruvida bo‘lgan “Lacetti” bilan to‘qnashib ketgan.

Natijada “Nexia-2” avtoulovida yong‘in chiqqan va haydovchi Sh.O. og‘ir turdagi tan jarohati olib, voqea joyida halok bo‘lgan. “Lacetti” rusumli mashina haydovchisi Q.A. va ushbu avtomashina yo‘lovchisi, Namangan viloyatining Uychi tumanida yashovchi fuqaro I.H. tan jarohati olgani bois shifoxonaga yotqizildi.

Avvalroq Farg‘onada “Nexia” voyaga yetmagan bolani urib yuborgani, Farg‘onada “Matiz” va “Damas” ishtirokidagi YTHda bir kishi jarohat olgani, Farg‘onada yuk mashinasiga urilgan “Nexia” bir uyum temirga aylanib, haydovchi voqea joyida vafot etgani va Rishtonda daraxtga urilgan “Matiz” haydovchisi hodisa joyida vafot etgani haqida xabar berilgan edi.

Янгиликлар