Quvada 235 mln so‘mlik psixotrop moddalarni sotayotgan shaxs qo‘lga olindi. U dorini dasturxon ichiga yashirgan

Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda psixotrop dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi tezkor tadbir o‘tkazdi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, tadbir davomida fuqaro I.D. boshqaruvidagi “Lacetti” rusumli yengil avtomashina kuzatuvga olingan. Shundan so‘ng avtomobil Quva tumani hududida to‘xtaganida fuqaro A.X. qo‘lidagi dasturxonga o‘ralgan savat bilan avtomashina yoniga borgan. Mashinadan uzatilgan 1 dona qog‘oz qutini dasturxoni orasiga solayotgan paytida tezkor guruh xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

Tekshiruv davomida ushbu savatdagi qog‘oz qutida umumiy qiymati 235,2 million so‘mlik jami 7840 dona “Regapen 300 mg” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlangan. Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Qo‘shtepa tumanida Haj ziyoratiga jo‘nataman deb, fuqaroni 32 million so‘mga chuv tushirgan shaxs qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 10-iyul kuni Farg‘ona viloyati Qoʻqon shahrida 10 ta konvalyuta (qadoqda)dagi 100 dona “Tramadol Lannacher 50 mg” nomli psixotrop moddalarini sotgan shaxs qo‘lga olingani xabar qilingandi.

Янгиликлар