“Shifokorlarga navbatdagi hujum!”ni uyushtirgan fuqarolarga 10 sutkaga ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi

Farg‘ona viloyati IIB ijtimoiy tarmoqlarda “Shifokorlarga navbatdagi hujum!” nomi bilan tarqagan videolavha yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Unga ko‘ra, 10-iyul kuni Quva tumanida istiqomat qiluvchi J.U. ismli ayol o‘g‘lining sog‘lig‘i yomonlashganligi sababli tuman tez tibbiy yordam bo‘limiga murojaat qilgan.

Fuqaro J.U.ni chaqiruvlarni qabul qilish xodimi Z.N.ning xodimlar chaqiruvga 10—15 daqiqadan keyin borishi haqidagi javobi qoniqtirmagan.

Shundan so‘ng ayol Z.S. va Z.Y. ismli ayollar bilan tez tibbiy yordam binosiga borib, janjal ko‘targan va uyatli so‘zlar bilan so‘kinib, chaqiruvlarni qabul qilish xonasi derazasini sindirib yuborgan.

Qayd etilishicha, fuqarolar voqea joyiga borgan IIB xodimlarining ham qonuniy talablarini bajarmagan.

Mazkur holat yuzasidan Quva tumani IIB xodimlari tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi, 183-moddasi hamda 194-moddasi bilan hujjatlar rasmiylashtirilib, Quvasoy shahar MIB sudiga yuborilgan.

Quvasoy shahar MIB sudi tomonidan yuqorida nomlari keltirilgan fuqarolarning ikki nafariga 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi, yana bir nafariga esa bazaviy hisoblash miqdorining 5 barobari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.