Koronavirusga chalingan bemorlarga bepul tarqatiladigan dorilar oilaviy poliklinikalar tomonidan yetkazib beriladi

Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasida Sanitariya va epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekov uyida davolanayotgan bemorlar uchun bepul dori-darmon tarqatish tartibi haqida ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, ayni paytda koronavirusga chalinib, uyda davolanayotgan bemorlar uchun taxminan 50 ming dori-darmonlar to‘plami tayyorlangan. Bu dorilar to‘plamini barcha poliklinikalar tarqatishi mumkin.

“Buning uchun har bir oilaviy poliklinikada maxsus mobil guruhlar tashkil qilingan. Bu guruhlar bemorning tibbiy ahvolini aniqlashtirib, unga bepul dori-darmonlar to‘plamini yetkazib beradi. Bugun-erta bu to‘plamlar barcha hududlarga yetkaziladi”, — dedi Nurmat Otabekov.

Avvalroq Nurmat Otabekov uy sharoitida dokaga spirt tomizib, undan nafas olsa, koronavirus o‘lishi haqidagi savolga javob bergan va somsaxonalarda kombinezon kiyib ishlash shart emasligini ma’lum qilgandi.

Янгиликлар