Namanganda “Changan” brendi ostida kichik yuk avtomobillari ishlab chiqariladi (foto)
Namangan viloyati Chust tumani hududida joylashgan “Namangan” erkin iqtisodiy zonasida Xitoyning “Changan” brendi ostida kichik yuk avtomobillari ishlab chiqarish loyihasi boshlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Xitoyning “Changan” brendiga mansub kichik yuk avtomobillarini ishlab chiqarish “Xorijdagi vatandoshlar” loyihasi doirasida amalga oshiriladi. Ishlab chiqarishga so‘nggi 10 yil davomida BAAning Ajman shahrida istiqomat qilib kelayotgan asli namanganlik tadbirkor Jobirxon Hamidov tomonidan 800 ming dollar, 2 million dollar xorijiy investorlar ulushi va 3 million dollar bank krediti, jami 5,8 million dollar miqdorida investitsiya kiritilmoqda.
Qayd etilishicha, Namangan Changan Motors mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan loyihaning birinchi bosqichida yiliga 1800 ta 1-1,5 tonna yuk ko‘taradigan 4 xil rusumdagi avtomobil ishlab chiqariladi va 120 kishi ish bilan ta’minlanadi. Keyingi 3 yil davomida mahalliylashtirishni 50 foizgacha yetkazish va mahsulotning uchdan bir qismini BAA hamda Markaziy Osiyo davlatlariga eksport qilish ko‘zda tutilgan.
Tadbirkorning hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistonning o‘zida yiliga 20 mingtagacha shunday rusumdagi avtomobillarga ehtiyoj mavjud. Yaqin va uzoq xorij bozorlari inobatga olinadigan bo‘lsa, ishlab chiqarish ko‘lamini yanada kengaytirish imkoniyatlarini chamalash mumkin bo‘ladi.
“Namangan Changan Motors MChJ tomonidan ishlab chiqariladigan avtomobillarga hozirning o‘zida talab va xaridorlar yetarli ekanligi kishini quvontiradi. Kelgusida bu yerda ehtiyot qismlari tayyorlanadigan boshqa korxonalar ham paydo bo‘lishi va yaxlit majmua yuzaga kelishi ayni muddao bo‘ladi”, — deydi viloyat hokimi Xayrullo Bozorov.
Korxonada 2021-yilning birinchi choragida ilk avtomobillar ishlab chiqarilishi boshlanishi kutilmoqda.
Avvalroq O‘zbekistonda “Tarlon” nomli yengil zirhli avtomobil ishlab chiqarish boshlangani haqida xabar berilgandi. Ta’kidlanishicha, o‘zining texnik va jangovar xususiyatlariga ko‘ra “Tarlon” yetakchi xorijiy davlatlarning shu turkumdagi yengil zirhli avtomobillardan aslo qolishmaydi.
Shuningdek, “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida Eron bilan hamkorlikda “Navoiy Motors” qo‘shma korxonasi faoliyati yo‘lga qo‘yilayotgani xabar qilingandi. Bu yerda Xitoyning “Oshan” brendi ostida ichki bozor yo‘ltanlamas, pikap, miniven kabi kuzovli avtomobillar yig‘ish yo‘lga qo‘yiladi.