Namanganda velosipedchini kaltaklagan erkakka nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Namangan viloyati Namangan shahrida 9-iyul kuni fuqaro velosiped boshqarib ketayotib, voyaga yetmagan qizni turtib yubordi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 9-iyul, payshanba kuni soat 09:00 da Namangan shahrida yashovchi fuqaro velosiped boshqarib ketayotib, ko‘chada o‘ynab o‘tirgan voyaga yetmagan qizni turtib yuborgan. Vaziyatni ko‘rib turgan qizning otasi velosipedchidan nega qizini urib yuborib, o‘rnidan turg‘izib qo‘ymaganini so‘rab, janjallashgan. Uning yuz va bosh qismiga urib, og‘ir tan jarohati yetkazgan.
Sud tibbiy ekspertizasining xulosasida jabrlanuvchi olgan tan jarohati hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohati ekanligi ko‘rsatilgan. Ushbu holat bo‘yicha shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan 19-iyul kuni Jinoyat kodeksining 104-moddasi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Avvalroq Namangan shahrida 11 nafar fuqaroning nomiga ularning ruxsatisiz kredit rasmiylashtirib, 200 million so‘m mablag‘ni talon-toroj qilgan bank xodimlari qo‘lga olingani haqda xabar berilgandi. Shuningdek, Namanganda 544 million so‘mlik kredit pullar bank xodimlari tomonidan talon-toroj qilinganligi aniqlangan.