“Nihol” mukofoti sovrindori Abrorjon Parpiyev 44 yoshida vafot etdi

Namangan viloyatining ilk “Nihol” davlat mukofoti sovrindori Abrorjon Parpiyev 20-iyul kuni og‘ir kechgan kasallikdan so‘ng 44 yoshida vafot etdi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Madaniyat vazirligi matbuot xizmati

Abrorjon Parpiyev 1976-yil 26-mayda Pop tumanida tavallud topgan. Namangan san’at bilim yurtida Hasan Sultonov va Botirali O‘rishevdan milliy qo‘shiqchilik sirlarini o‘rgangan. Bilim yurtini tamomlab, O‘zbekiston davlat konservatoriyasida xalq hofizi Fattohxon Mamadaliyevdan tahsil olgan.

Mehnat faoliyati davomida Toshkentdagi ansambllarda xonanda, Namangan san’at kollejida o‘qituvchi, viloyat musiqali drama teatrida vokal artisti, Respublika filarmoniyasida mumtoz qo‘shiq xonandasi bo‘lib ishlagan.

“Topmadim”, “Qadimgi ushshoq”, “Farg‘ona tong otguncha”, “Mustahzod”, “Naylayin”, “Onam”, “Vatan”, O‘zbekiston xalq artisti Kamoliddin Rahimovning “Nargiz” qo‘shiqlarini ijro etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Anvar Kenjayev hamda Abdurayim Abduvahobov vafot etgani haqda xabar berilgandi.

Янгиликлар