Nukusda koronavirusga chalingan 42 yoshli erkak vafot etdi

Koronavirusga chalingan qoraqalpog‘istonlik 42 yoshli bemor o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligidan vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida yashovchi 42 yoshli B.D.da (erkak) 2020-yil 3-iyul kuni COVID-19 infeksiyasi tasdiqlangan va Qoraqalpog‘iston yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

Ta’kidlanishicha, bemorga COVID-19 infeksiyasi o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir nafas yetishmovchiligi, o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir yurak-qon tomir yetishmovchiligi, poliorgan yetishmovchiligi, semizlikning 2-darajasi asoratlari bilan kechgan.

Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan. Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimasion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 2020-yil 22-iyul soat 10:00 holatiga ko‘ra, 18 171 nafarni tashkil etgan. Shulardan 9521 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, 8554 nafar bemorga shifokorlar tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.

Avvalroq Toshkentda koronavirus aniqlangan 68 yoshli ayol vafot etgani haqida xabar berilgandi.