Tanzila Norboyeva odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro anjumanda ishtirok etdi

Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) Odam savdosiga qarshi kurash bo‘yicha maxsus vakil va muvofiqlashtiruvchi idorasi tomonidan 20-iyul kuni “Jazosizlikning oldini olish: Odam savdosiga qarshi samarali sud jarayoni orqali adolatni tiklash” mavzusida videokonferensaloqa tarzida 20-xalqaro anjuman o‘z ishini boshladi. Unda Senat Raisi, Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi Tanzila Norboyeva ham ishtirok etdi, deb  xabar berdi Oliy Majlis Senatining axborot xizmati.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Xabarda ta’kidlanishicha, anjumanda YXHTga a’zo bo‘lgan 57 ta davlat va ushbu tashkilotning odam savdosiga qarshi kurashish Alyansining 11 ta hamkorlari, xalqaro nodavlat-notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, xalqaro ommaviy axborot vositalari, biznes hamda ilmiy doira vakillari ishtirok etmoqda.

Mazkur xalqaro anjumanda O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Senat Raisi, Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi Tanzila Norboyeva, qolaversa, Oliy sud, Bosh prokuratura, Tashqi ishlar vazirligi vakillari qatnashmoqda.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Konferensiyada odam savdosiga qarshi kurashish borasidagi ilg‘or tajribasini inobatga olgan holda YXHT tomonidan O‘zbekiston asosiy ma’ruzachi sifatida tanlangan. Oliy Majlis Senati Raisi, Milliy komissiya raisi Tanzila Norboyeva O‘zbekistonda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborot bergan.

Xususan, so‘nggi yillarda bu sohada 15 ta me’yoriy-huquqiy hujjat qabul qilingani, Prezident farmoni bilan Senat Raisi rahbarligidagi Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi tashkil qilinib, ushbu masala bo‘yicha “Milliy ma’ruzachi” instituti joriy etilgani ta’kidlangan.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Shuningdek, anjuman davomida odam savdosiga oid jinoyatlar bilan shug‘ullanadigan organlar xodimlarining malakasini oshirib borish, o‘zaro tajriba almashishlarini yo‘lga qo‘yish, bu borada hamkorlikni yanada kengaytirish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirilgan.

Avvalroq Shahrisabzda II Xalqaro maqom san’ati anjumani o‘tkazilishi haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар