O‘zbekistonda 2020/2021-o‘quv yilida OTMlarga qancha maktab bitiruvchisi hujjat topshirgani ma’lum qilindi

O‘zbekistonda 2020/2021-o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalariga 366 556 nafar maktab bitiruvchilari hujjat topshirdi. Bu esa umumiy maktab bitiruvchilarning 81,3 foizini tashkil qiladi. 2019/2020-o‘quv yilda ushbu ko‘rsatkich 61 foizni tashkil etgan, deya xabar bermoqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati.

Foto: “Daryo”

Ta’kidlanishicha, oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan bitiruvchilar soni bo‘yicha Sirdaryo viloyati yetakchilik qilmoqda, viloyatning 94 foiz maktab bitiruvchisi OTMga kirish istagini bildirgan. Keyingi o‘rinda 92 foiz bilan Navoiy viloyati qayd etilgan bo‘lsa, Jizzax viloyati 89,5 foiz ko‘rsatkich bilan uchinchi o‘rinni egallagan.

Bitiruvchilarning 83 foizi kunduzgi, 15 foizi sirtqi va 2 foizi kechki ta’lim shaklini tanlagan. Shuningdek, bu o‘quv yilida 91 ta oliy ta’lim muassasasida ta’lim olish uchun jami 1 484 085 abituriyent hujjat topshirgan (2019-yilda 1 million 66 ming 926).

Avvalroq 2020/2021-o‘quv yilida abituriyentlar eng ko‘p hujjat topshirgan OTMlar e’lon qilingandi. Ma’lum qilinishicha, Samarqand davlat universiteti eng ko‘p hujjat topshirilgan oliy ta’lim muassasasi deb topilgan. Universitetga jami 75 325 nafar abituriyent hujjat topshirgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalariga hujjat qabul qilish 20-iyundan 20-iyulga qadar onlayn tarzda amalga oshirildi. Barcha hududlarda DTMning rasmiy veb-sayti va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali hujjat qabul qilingan.

Янгиликлар