Tez yordam xodimlari koronavirus bilan kasallangan bemorni ko‘rishdan bosh tortsa, qanday yo‘l tutish kerakligi aytildi

AOKA huzuridagi shtabda 23-iyul kuni Sanitariya-epidemiologiya nazorati Davlat inspeksiyasi rahbari Nurmat Otabekov ishtirokida brifing o‘tkazildi. Brifingda muhim savollarga javob qaytarildi.

Foto: “Kun.uz”

“Agar tez tibbiy yordam xodimlari chaqirilganda koronavirus bilan kasallangan bemorni ko‘rishdan bosh tortsa, biz kimga va qayerga murojaat qilishimiz kerak?”, degan savolga inspeksiya rahbari quyidagicha javob qaytardi:

“Tez tibbiy yordam xizmati bemorda qaysi kasallik bo‘lishidan qat’i nazar, birinchi yordam ko‘rsatishi shart. Agar xodim bemorga yordam ko‘rsatishdan bosh tortsa, hududiy Sog‘liqni saqlash boshqarmalari ishonch telefoniga  murojaat qilish maqsadga muvofiqdir”.

Avvalroq O‘zbekistonda tez yordam xodimlari qo‘shimcha rag‘batlantirilishi ma’lum qilingan edi.

Shuningdek, Toshkent shahar hokimligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi birgalikda qo‘shimcha tibbiy uskunalar va tez yordam mashinalarini xarid qilgani xabar qilingan edi.

Bunga qo‘shimcha, Toshkentda 103 telefon raqamiga ulanish 1,5 daqiqadan 15 soniyagacha qisqartirildi.

Янгиликлар