Toshkentda karantin davrida narxlarni asossiz oshirgan 64 ta taksining litsenziyasi bekor qilingani ma’lum bo‘ldi

AOKA huzuridagi shtabda 22-iyul, chorshanba kuni Toshkent shahar Transport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Jo‘rayev ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi. Brifingda karantin davrida yo‘nalishsiz taksi haydovchilari tomonidan narxlarning asossiz oshirilishi mavzusi ko‘tarilgan.

Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahar Transport boshqarmasining avtomobillarda tashuvlar xavfsizligini ta’minlashni nazorat qilish bo‘limi nozirlari, soliq, monopoliyaga qarshi kurash tashkiloti hamda Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan Toshkent shahridagi 32 ta madad postida nazorat va monitoring tadbirlari olib borilmoqda.

Ta’kidlanishicha, 10-iyuldan 22-iyulga qadar yo‘l haqini asossiz oshirgan yoki tender shartnomasi talablarini buzgan 25 ta yuridik korxonaga ma’muriy choralar qo‘llanilgan. 64 ta yo‘nalishsiz taksining litsenziya varaqalari bekor qilingan.

Bundan tashqari, yana 9 ta yuridik korxonaga chora ko‘rish va 21 ta taksining litsenziyasini bekor qilish bo‘yicha tayyorlangan hujjatlar sudga taqdim etilgan.

Avvalroq Buxoroda karantin tartibiga amal qilmagan 37 nafar yo‘nalishsiz taksi haydovchisiga chora ko‘rilgan edi.