Akmal Burhonovning deputatlik vakolati muddatidan avval tugatildi

O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi qarori bilan Akmal Burhonovning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati sifatidagi vakolati muddatidan avval tugatildi.

Burhonovning yozishicha, bunga uning Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori etib tayinlanganligi sabab bo‘lgan.

“Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati sifatida 6 yillik faoliyatim men uchun katta maktab bo‘ldi. Bu yangi qonun loyihalarini ishlab chiqishdan tortib, saylov okrugimda fuqarolar murojaatlari bilan ishlashgacha bo‘lgan g‘oyat qiziq va mas’uliyatli burch”, — deb yozadi sobiq deputat o‘zining Telegram’dagi kanalida.

Shuningdek, Akmal Burhonov partiya a’zoligidan ham ketganligini ma’lum qildi:

“Agentlikdagi ish faoliyatimga ta’sir etmasligi uchun, xususan, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida O‘zbekiston ‘Adolat’ sotsial-demokratik partiyasi a’zoligini ham tark etishga qaror qildim”, — deb yozadi Akmal Burhonov.

Ma’lumot uchun, Akmal Burhonov 1981-yil Namangan viloyatida tug‘ilgan. 2001-yilda Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan. 2003-yilda shu oliygohning magistratura bosqichini tugatgan. Shuningdek, Burhonov 2007-yilda Yaponiyaning magistratura va doktorantura bosqichini tamomlagan.

Akmal Burhonov ilk bor 2014-yil Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati etib saylangan. 2017-yil fevral oyida u “Taraqqiyot strategiyasi markazi”ning ijrochi direktori etib tayinlandi.

Eslatib o‘tamiz, 14-iyuldagi Prezident qarori bilan Akmal Burhonov Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori etib tayinlangan. Agentlik direktori maqomi bo‘yicha vazirga tenglashtirilgan. Tayinlovga qadar Akmal Burhonov “Yuksalish” umummilliy harakati raisi sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi.