Andijon mashinasozlik instituti rektori fuqarolardan o‘qishga olib kirib qo‘yishni va’da qilayotganlarga ishonmaslikni so‘radi
Andijon mashinasozlik instituti rektori Umid Turdialiyev qabul jarayonlari hamda karantin masalasida abituriyentlar va ularning ota-onalariga murojaat bilan chiqdi.
Ushbu videomurojaatda Umid Turdialiyev abituriyentlar va ularning ota-onalaridan pora evaziga o‘qishga kirgizib qo‘yishga va’da berayotganlarga ishonib qolmaslikni so‘ragan.
“Tasavvur qiling, sizga kimdir 3000 yoki 5000 dollar evaziga faarzandingizni o‘qishga olib kirib qo‘yishga va’da berdi va farzandingiz haqiqatdan ham o‘qishga kirdi. Sizda mana shunday paytda shunaqa yo‘llar bilan o‘qishga kirishning imkoni bor ekan, degan fikr paydo bo‘ladi. Lekin aslida unaqa emas. Mena sizga mana shu institutning rektori sifatida to‘liq kafolat beraman, bu narsaning iloji yo‘q. Bu faqat firibgarlik”, — deydi institut rektori.
Murojaat davomida Umid Turdialiyev bu kabi firibgarliklar qanday amalga oshirilishini ham aytib o‘tgan.
“Undaylar, sizga o‘xshaganlardan 5—10 nafarining pulini oladi-da, buyog‘iga farzandingizning imtihonga kirib chiqishini kutadi. Agar farzandingiz xoh bilimi bilan, xoh omadi kelib o‘qishga kirib ketsa, siz bergan mablag‘ingizga kuyasiz. Agar farzandingiz o‘qishga kira olmasa, ish o‘xshamay qolganini aytib, pulingizni qaytaradi”, — deya tushuntirdi rektor.
Shuningdek, Umid Turdialiyev ota-onalarga agar farzandining bilimiga ishonmasa, farzandini oliygohga super-kontrakt evaziga kiritishni taklif qilgan:
“Agar farzadingiz eng yuqori balning 30 foizini to‘play olsa, oshirilgan kontrakt nisbatan arzonroq tushadi. 2019/2020-yilgi o‘quv mavsumida Andijon mashinasozlik institutiga super-kontrakt miqdorining eng katta qiymati 18 million so‘mni tashkil qildi. Davlat budjetiga mana shu pulni o‘tkazing va farzandingiz o‘qishini qonuniy ravishda boshlashi mumkin”, — dedi rektor.
Avvalroq Samarqandda abituriyentni 10 ming dollar evaziga o‘qishga kiritib qo‘ymoqchi bo‘lgan dotsent qo‘lga olingan edi.
Undan odin O‘zbekistonda oliy ta’limning deyarli barcha bo‘g‘inlarida korrupsion holatlar kuzatilayotgani ma’lum qilindi.