Bosh prokuratura kasalxonalardagi bo‘sh o‘rinlarni aniqlashga yordam beruvchi “Shifoxona info” Telegram botini ishga tushiradi

Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev 15-iyul kuni Prezident videoselektoridan so‘ng bergan intervyusida tez tibbiy yordam xizmati yanada kuchaytirilishi, tez tibbiy yordam avtomashinalari tegishli xodimlar bilan 15 daqiqadan ko‘p bo‘lmagan vaqtda chaqiruv bo‘yicha yetib borishi to‘liq ta’minlanishi haqida gapirgandi.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining “Tez News”ga ma’lum qilishicha, yaqin kunlarda “Shifoxona info” Telegram boti tashkil etilib, har bir kasalxonaga prokuratura xodimi biriktirilishi va shahardagi kasalxonalarda mavjud bo‘sh o‘rin (koyka)lar hisobi yuritilishi yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.

Ta’kidlanishicha, bu xizmat chaqiruvga chiqqan tez yordam brigadasini bemorning kasalligi bo‘yicha bo‘sh joy mavjud bo‘lgan yaqin oradagi shifoxonalarga yo‘naltirish imkoniyatini beradi.

Shuningdek, davlat rahbarining tegishli topshiriqlari ijrosi doirasida bugungi kunga qadar muayyan ishlar amalga oshirilgan. Xususan, Call-markazlar sonini ko‘paytirishda Toshkent shahrining o‘zida qo‘ng‘iroqlarni qabul qilish uchun tez yordam markaziy stansiyasida qo‘shimcha 70 ta joy tashkil etilgan. Bu yerda operatorlik faoliyatini yuritish uchun maxsus o‘quv kurslarda tayyorgarlik ko‘rgan ko‘ngillilar faoliyat yuritmoqda.

Bundan tashqari, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida tibbiy maslahat ko‘rsatish bo‘yicha 50 nafar ko‘ngilli shifokorlardan iborat Call-markaz ham o‘z ishini boshlagan. Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan bu yerda xizmat o‘tayotgan ko‘ngilli ishchilarga maxsus kiyimlar va bepul kunlik oziq-ovqat yetkazib berilmoqda.

Tez yordam xizmati faoliyatini yaxshilash maqsadida tez yordam markaziy stansiyasi qo‘shimcha 50 ta “Damas”, 12 ta “Foton” va 27 ta “Isuzu” maxsus avtomashinalari bilan ta’minlangan.

Avvalroq Toshkentda 10 ta xususiy klinika koronavirus bilan kasallanganlarni qabul qilishini va unda bemorlar uchun 2 300 dan ziyod o‘rin-joylar tashkil etilgani haqida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, tez yordam xodimlari koronavirus bilan kasallangan bemorni ko‘rishdan bosh tortsa, qanday yo‘l tutish kerakligi ma’lum qilingan.

Янгиликлар