Buxoroda bir-birini qutqarish uchun kanalizatsiya quvuriga tushgan to‘rt ishchidan uch nafari gazdan zaharlanib vafot etdi
Buxoro shahrida bir-birini qutqarish uchun kanalizatsiya quvuriga tushgan 4 nafar ishchi gazdan zaharlangan. Ulardan uchtasi voqea joyida vafot etgan. Bu haqida “Tez News”ga Tergov departamenti xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 24-iyul kuni taxminan soat 11:00 larda “Buxoro maxsus suv ko‘rilish” MChJ xodimlari Buxoro shahar A.Jomiy ko‘chasida joylashgan yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylarning kanalizatsiya quvurlarini shaharning asosiy kanalizatsiya tizimiga ulash ishlarini olib borayotgan vaqtida ishchilar 47 yoshli A.K. va 45 yoshli S.B. quvurlarni montaj qilish jarayonida kanalizatsiyadan chiqayotgan gazdan zaharlanib hushidan ketgan. Ularning sherigi 27 yoshli Z.Sh. qutqarish maqsadida kanalizatsiya quvuriga tushgan va u ham kanalizatsiyadan chiqayotgan gazdan zaharlanib, hushidan ketgan.
Buni ko‘rgan yana bir sherigi 41 yoshli S.A. yordam berish maqsadida ushbu quvurga tushgan va u ham zaharlanishdan hushidan ketgan. Atrofda to‘plangan aholi tomonidan faqatgina S.A.gina qutqarib qolingan bo‘lib, sheriklari 47 yoshli A.K. 45 yoshli S.b. va 27 yoshli Z.Sh.lar esa hodisa joyida kanalizatsiyadan chiqayotgan gazlardan zaharlanib vafot etgan.
Hozirda fuqaro S.A. shifoxonaga yotqizilgan.
Hodisa joyiga tergov guruhi chiqib, voqea joyini ko‘zdan kechirib, tergov oldi surishtiruv harakatlarini olib borilayotgani ma’lum qilindi.
Avvalroq Olotda uyida noqonuniy ravishda sovuq qurol saqlab kelayotgan fuqaro aniqlangan edi. Shuningdek, G‘ijduvonda karantin vaqtida noqonuniy faoliyat yuritgan oshxona egalari javobgarlikka tortildi.