Quvada tomorqasida 17 tup kannabis yetishtirgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Farg‘ona viloyati Quva tumanida tomorqasida kannabis o‘simligini parvarishlab kelayotgan fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Ichki ishlar boshqarmasi

Foto: Ichki ishlar boshqarmasi

Ma’lumotlarga ko‘ra, Quva tumanida 18-iyul kuni o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida  “Toshkent” mahallasida yashovchi fuqaro X.T.ning yashash xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan. U tomorqasida 17 tup kannabis o‘simligini parvarishlab kelayotganligi aniqlangan. Kannabis daliliy ashyo tariqasida olingan.

Mazkur holat yuzasidan Quva tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 270-moddasi 1-qismi (Taqiqlangan o‘simliklarni yetishtirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining 270-moddasi 1-qismida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etgan shaxs uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Avvalroq Payariqda yashash hovlisida 77 tup kannabis o‘simligini yetishtirgan fuqaro aniqlangani, Farg‘onada tomorqasida kannabis o‘simligini yetishtirgan shaxs aniqlangani, Samarqandda uyida janjal ko‘targan fuqaroning yonidan marixuana topilgani, Qo‘qonda avtomashinasida marixuana saqlab yurgan shaxs qo‘lga olingani, Samarqandda inspektorga pora sifatida giyohvand modda taklif qilgan shaxslar qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар