Samarqandda uyida janjal ko‘targan fuqaroning yonidan marixuana topildi

Samarqand viloyati Toyloq tumanida uyida janjal ko‘targan fuqaroning yonidan marixuana topildi. Bu haqida Samarqand viloyat IIB xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 2020-yil 19-iyul kuni Toyloq tumani “Qo‘rg‘oncha” mahallasida yashovchi 1987-yilda tug‘ilgan O.S. o‘z yashash uyida oila a’zolari bilan janjallashganligi sababli uning uyiga chaqiruv asosida tuman IIB xodimlari yetib borgan. Fuqaro O.S. tuman IIB tayanch punktlaridan biriga olib kelinib, xolislar ishtirokida shaxsiy tintuv qilinganida egnidagi shimining yon cho‘ntagidan gazeta bo‘lagiga o‘ralgan, quruq holdagi 2.2 gramm og‘irlikdagi marixuana giyohvand moddasi topilgan.

Shuningdek, uning yashash uyidan uch dona gazeta bo‘lagida o‘ralgan o‘tkir hidli, yashil rangli quruq holdagi 37.8 gramm marixuana giyohvandlik moddasi topilib, tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.

Mazkur holat yuzasidan O.S.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 276-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilayotgani ma’lum qilindi.

Avvalroq Samarqandda inspektorga pora sifatida giyohvand modda taklif qilgan shaxslar qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар