Urgutda deputatni haqoratlagan fuqaro 10 sutkaga qamaldi

Samarqand viloyati Urgut tumanida jamoat joyida niqobsiz, mast holda yurgan va tuman kengashi deputatini haqoratlagan fuqaroga 10 sutka ma’muriy qamoqqa olish jazosi tayinlandi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Oliy sud matbuot xizmati

Urgut tumanida 2020-yilning 10-iyul kuni soat 14:30 atrofida tuman ichki ishlar idoralari, Milliy gvardiya va boshqa tashkilotlar vakillaridan iborat guruhning “O‘rtaguzar” mahallasi hududida aholining karantin qoidalariga amal qilishlarini nazorat qilish bo‘yicha harakatlaridan norozi bo‘lgan fuqaro M.A. vakolatli organning maxsus talablariga zid ravishda jamoat joyida niqobsiz, mast holatda yurgani ma’lum bo‘lgan.

Shuningdek, fuqaro mahalla markazida hech bir sababsiz xalq deputatlari Urgut tumani kengashi deputati B.B.ni uyatli so‘zlar bilan haqoratlagan. Tuman bo‘yicha IIO FMB va Milliy gvardiya xodimlarining aholiga nisbatan noqonuniy harakatlari bo‘yicha deputat sifatida hech qanday choralar ko‘rmayotganligini aytgan va jamoat tartibini buzuvchi va jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslikda ifodalangan mayda bezorlik sodir etgan.

Tuman ma’muriy sudi raisi Akmal Alimovning ma’lumot berishicha, ushbu holat yuzasidan Urgut tumani IIO FMB xodimlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilib, unga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.

Fuqaro M.A.ga tuman ma’muriy sudining 2020-yil 21-iyuldagi qarori bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi 1-qismi (Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish), 183-moddasi (Mayda bezorilik)da nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Kodeksning 34-moddasi (Bir necha huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun ma’muriy jazo qo‘llanish)ga asosan unga nisbatan uzil-kesil 10 sutka ma’muriy qamoqqa olish jazosi tayinlangan.

Avvalroq Farg‘onada mahalla raisini haqorat qilgan deputat qamalgani haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар