Andijon hokimi viloyat volontyorlik markazi faoliyati bilan tanishdi

Andijon hokimi 24-iyul kuni viloyat homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish va volontyorlik markaziga bordi va u yerda aholiga xizmat ko‘rsatish sifati qay darajada tashkil etilayotganligi bilan tanishdi. Bu haqda viloyat hokimligining matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Andijon viloyat hokimligi matbuot xizmati

Markazda doimiy tarzda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Andijon viloyat Kengashining 480 nafar volontyorlari (ko‘ngilli yoshlar) ixtiyoriy asosda faoliyat olib bormoqda.

Aholining murojaatlari bilan tizimli ishlash va manzilli yordam ko‘rsatish maqsadida ochilgan Call-markazning 1197 qisqa raqami soat 09:00—17:00 oralig‘ida muntazam ishlamoqda.

Foto: Andijon viloyat hokimligi matbuot xizmati

Bugungi kunga kelib, aholi tomonidan Call-markazga jami 1527 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ushbu murojaatlar elektron dastur orqali har bir tuman bo‘yicha tuzilgan ishchi guruhlarga yuborildi.

Foto: Andijon viloyat hokimligi matbuot xizmati

Andijon viloyati bo‘yicha manzilli ro‘yxat asosida aholi uchun zarur bo‘lgan birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari 16 ta yuk tashish uchun mo‘ljallangan avtoulovlar orqali jami 1008 ta xonadonga yetkazib berildi.

Avvalroq O‘zbekistonda koronavirusni uyda davolash bo‘yicha savollarga javob beruvchi Call-markazlar ish boshlagani xabar berilgan edi.

Янгиликлар