Shavkat Mirziyoyev oziq-ovqat va dori-darmonlarni manzilli yetkazib berish tizimi “soat”day aniq ishlashi kerakligini aytdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 28-iyul kuni hududlarda koronavirus bilan bog‘liq murakkab vaziyatni tartibga solish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ma’lum qilinishicha, yig‘ilishda karantin davrida biror bir ehtiyojmand oila e’tibordan chetda qolmasligi, kam ta’minlangan aholi qatlamiga moddiy yordam, oziq-ovqat va dori-darmonlarni manzilli yetkazib berish tizimi “soat”day aniq ishlashi kerakligi ta’kidlangan.

“Hozirgi sharoitda kasallarni davolashga ham, iqtisodiyotni ishlatishga ham majbur va mas’ulmiz. Shuning uchun aholi salomatligini saqlash, ayni paytda temir intizom bilan hamma ishlarni davom ettirishimiz kerak“, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Avvalroq ushbu selektorda Shavkat Mirziyoyev hokimliklarga intensiv va reanimatsiya o‘rinlarini ko‘paytirish vazifasini qo‘ygan edi.