Toshkent shahrida koronavirus yuqtirib olgan 34 yoshli homilador ayol vafot etdi

Toshkent shahrida koronavirusga chalingan homilador ayol o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligidan vafot etdi, deb xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Toshkent shahar Uchtepa tumanida yashagan 34 yoshli Sh.M. ismli ayol 2020-yilning 16—21-iyul kunlari shahar 9-sonli tug‘ruq kompleksida 27 haftalik 6-homiladorlik, 5-tug‘ruq, ikki tomonlama pnevmoniya, kamqonlik, nafas yetishmovchiligi tashxisi bilan davolangan.

Ta’kidlanishicha, bemorda COVID-19 tasdiqlangach, shahar 3-sonli tug‘ruq kompleksiga o‘tkazilgan. Unga koronavirus infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir yurak-qon tomir va nafas yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan.

Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan konsultatsiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan. Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Avvalroq Toshkentda koronavirus yuqtirib olgan 53 yoshli erkak vafot etgani haqida xabar berilgandi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 28-iyul soat 10:00 holatiga ko‘ra, 297 nafarga oshib, jami kasallanganlar soni 21 506 nafarni tashkil etdi. Shulardan 11 674 nafari sog‘aygan bo‘lsa, 9710 nafariga davo choralari ko‘rilmoqda.

Янгиликлар