Samarqandda Xitoy investitsiyasi ishtirokida 63 ta qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatayotganligi ma’lum qilindi

Samarqand viloyati hokimligi va Xitoy Xalq Respublikasining Xenan provinsiyasi vakillari bilan 29-iyul kuni onlayn muloqot o‘tkazildi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov, Xenan gubernatori In Xun, ikki davlat elchilari va boshqa mas’ul shaxslar ishtirok etgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda Xitoy kapitali ishtirokidagi 700 dan ortiq kompaniya va tashkilotlar ish olib boradi. Xususan, Samarqandda Xitoy davlati investitsiyasi ishtirokida 63 ta qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Mazkur qo‘shma korxonalar tomonidan ip-kalava, tayyor matolar, trikotaj kiyimlar, tayyor bolalar kiyimlari, gilam va gilam mahsulotlari, qayta ishlangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, qurilish materiallari, plastmassa quvurlar, ipak, mebel mahsulotlari va boshqa turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.

Viloyat hokimi muloqotda qishloq xo‘jaligida intensiv bog‘lar, issiqxonalar, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik kabi loyihalarni tatbiq etish, jumladan, intensiv bog‘lar va issiqxonalar uchun uskuna va jihozlarni Samarqandda ishlab chiqishni tashkil qilish haqida aytib o‘tgan.

Ta’kidlanishicha, Samarqand hokimi 2019-yilning aprel oyida Xitoy Xalq Respublikasiga safari davomida 13-Xitoy xalqaro investitsiya va savdo ko‘rgazmasi hamda “Bir kamar — bir yo‘l” forumida ishtirok etgan. Shuningdek, Samarqand viloyatining iqtisodiy, investision va turizm salohiyati bo‘yicha taqdimotlar, Xenan provinsiyasi tadbirkorlari bilan biznes forumlar o‘tkazilib, kelishuv va shartnomalar imzolangan.

Shuningdek, xitoylik tadbirkorlar bilan oziq-ovqat sohasida meva-sabzavotlarni qayta ishlash, konditer mahsulotlari ishlab chiqarish kabi loyihalarni amalga oshirish, yengil sanoat sohasida tikuvchilik mahsulotlarini ishlab chiqarish, terini qayta ishlash va charm-poyabzal mahsulotlari tayyorlash ko‘zda tutilmoqda.

Bundan tashqari, xitoylik investorlar bilan qurilish materiallari, elektr va maishiy texnika jihozlari ishlab chiqarish, muhandislik va kommunikasiya obyektlari qurilishida hamkorlik qilish bo‘yicha loyihalar tayyorlanmoqda, deyiladi xabarda.

Avvalroq Samarqandda yanvar—iyun oylarida 4 mingdan ortiq yangi korxona tashkil etilgani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, viloyatda yil boshidan buyon 132,7 mln AQSh dollar miqdorida tovarlar eksport qilingan.

Янгиликлар