Surxondaryoda yoqilg‘i sisternasining portlashi oqibatida bir kishi halok bo‘ldi. Bir kishi esa jarohatlanib, kasalxonaga yotqizilgan

Surxondaryo viloyati Angor tumanida 28-iyul, seshanba kuni soat 22:00 atrofida mahalliy korxonalardan biriga tegishli ombor hududida yoqilg‘i sisternasi portlab ketdi, deb xabar berdi FVV matbuot xizmati.

Foto: FVV matbuot xizmati

Ma’lum bo‘lishicha, 1981-yilda tug‘ilgan payvandchi K.A. dizel yoqilg‘isi solingan 10 tonnalik sisternani payvandlashga uringan. Xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya qilmaslik sisternaning portlashiga sabab bo‘lgan.

Hodisa oqibatida fuqaro K.A. voqea joyida vafot etgan. Uning yonida turgan P.K. esa kuyish jarohatlari bilan tuman shifoxonasiga yotqizilgan. Portlash natijasida atrofga yoyilgan olov sisterna yaqiniga qo‘yilgan “Isuzu” yuk mashinasi ham butunlay yonib ketgan.

Foto: FVV matbuot xizmati

Hodisa joyiga Surxonadaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining 2 ta yong‘in-qutqarish ekipaji yetib borib, alangani bartaraf etgan.

Avvalroq Farg‘onada “Lacetti 2” avtomashinasi va Toshkentda daraxtga urilgan “Lacetti” yonib ketgani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, Yozyovon tumanidagi choyxona va savdo do‘konlarida yong‘in sodir bo‘lgani, Sirdaryoda “Isuzu” avtomashinasi “Kamaz”ga urilishi oqibatida yong‘in kelib chiqqani hamda Toshkentddagi “Jomiy” bozori yaqinidagi bir nechta qurilish do‘konlarida kelib chiqqan yong‘in o‘chirilgani ma’lum qilingan edi.

Янгиликлар