O‘zbekistonda sentabr oyidan pensiyalar 10 foizga oshiriladi

Shavkat Mirziyoyevning “Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, pensiyalar, bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga, zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqalar miqdori 1,1 barobar oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Farmonga muvofiq, 2020-yil 1-sentabrdan boshlab O‘zbekiston hududida:

  • pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori — oyiga 262 470 so‘m;
  • eng kam yoshga doir pensiyalar — oyiga 513 350 so‘m;
  • bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa — oyiga 513 350 so‘m;
  • zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa — oyiga 315 030 so‘m etib belgilangan.

Prezidentning yangi farmonida “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatini yanada kuchaytirish maqsadida hamda Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan 400 mingdan ko‘proq oilalarga respublika budjetidan bir martalik moddiy yordam ko‘rsatilishi belgilangan.

Shuningdek, 14 yoshgacha bolalari bo‘lgan ehtiyojmand nafaqa oluvchi oilalarning amaldagi sonini 2 barobarga oshirish, bola 2 yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi bo‘yicha nafaqa oluvchi ehtiyojmand onalarning amaldagi sonini oshirish, moddiy yordam oluvchi kam ta’minlangan oilalarning amaldagi sonini ko‘paytirish nazarda tutilmoqda.

Avvalroq O‘zbekistonda pensiyalar sentabrdan boshlab 10 foizga oshirilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар