Qozog‘istonda o‘tgan bir sutkada 1472 kishi koronavirusdan kasallandi, Rossiyada qurbonlar soni 14 mingga yaqinlashdi

Qozog‘iston

Qozog‘istonda 30-iyul mahalliy vaqt bilan soat 11:30 holatiga ko’ra, koronavirus bilan kasallanganlar soni 87 664 nafarni tashkil qilmoqda. Qozog‘iston bu ko‘rsatkich bo‘yicha Markaziy Osiyoda peshqadam bo‘lib turibdi. Bemorlarning 57 815 nafari to‘liq sog‘aygan, 793 nafari vafot etgan. Shuningdek, o‘tgan bir sutka davomida 1472 ta yangi holat qayd etilgan.

Foto: “Nur.kz”

Avvalroq Olmaota viloyatii bosh vrachi Bayrjan Yskak lavozimidan ozod etilgani haqda xabar berilgandi. Ta’kidlanishicha, Yskak boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimini tark etgan.

Qirg‘iziston

Qirg‘izistonda 30-iyul mahalliy vaqt bilan soat 11:30 holatiga ko‘ra, 35 143 kishida koronavirus infeksiyasi qayd etilgan. Bemorlarning 24 474 nafari sog‘ayib, 1364 kishi hayotdan ko‘z yumgan. Hozirda mamlakatda 9305 kishi koronavirusdan davolanmoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, Qirg‘izistonda so‘nggi 24 soat ichida koronavirus bilan kasallanganlar soni 517 kishiga ko‘paygan, 17 nafar bemor vafot etgan.

Foto: “Kloop.kg”

Avvalroq Bishkekda so‘nggi bir sutkada 32 nafar tibbiyot xodimi COVID-19 yuqtirib olgani xabar qilingandi. Mamlakatda jami 2743 shifokor koronavirusga chalingan.

Tojikiston

Tojikistonda 30-iyul mahalliy vaqt bilan soat 11:30 holatiga ko‘ra, koronavirus bilan kasallanganlar soni 7320 nafarni tashkil qilmoqda. Bemorlarning 6103 nafari koronavirusdan to‘liq sog‘aygan bo‘lsa, 60 nafari vafot etgan.

Foto: “Asia-plus”

Avvalroq Tojikistonda koronavirusdan sog‘ayganlar soni 6103 kishiga, ya’ni 83,3 foziga yetgani xabar qilingandi. Ma’lum qilinishicha, ayni paytda 1121 bemor uy sharoitida, 96 bemor kasalxonalarda davolanmoqda.

Turkmaniston

Turkmaniston Markaziy Osiyoda koronavirus rasman qayd etilmagan yagona davlat bo‘lib turibdi. Ayni paytga qadar mamlakatda birorta holatda koronavirus infeksiyasi qayd etilmagan. Avvalroq JSST va YUNISEFning Turkmanistondagi vakolatxonasi mamlakat rasmiylarining pandemiyaga qarshi tezkor choralarini yuqori baholagani haqda xabar berilgandi.

Foto: “Xronika Turkmenistana”

“Xronika Turkmenistana” nashriga ko‘ra, bu haqda 28-iyul kuni Ashxobodda pandemiya profilaktikasi bo‘yicha samarali axborot almashish bo‘yicha ommaviy axborot vositalari uchun JSST va YUNISEF tomonidan o‘tkazilgan onlayn brifingda ma’lum qilingan.

Rossiya

Rossiyada 30-iyul soat mahalliy vaqt bilan soat 11:30 holatiga ko‘ra, koronavirus bilan kasallanganlar soni 834 499 nafarni tashkil qilmoqda. Rossiya bu ko‘rsatkich bo‘yicha dunyoda AQSh, Braziliya va Hindistondan so‘ng to‘rtinchi o‘rinda bormoqda. Bemorlarning 629 655 nafari sog‘aygan, 13 802 nafari vafot etgan. Shuningdek, o‘tgan bir sutka davomida 5509 ta yangi holat aniqlangan.

Foto: “Reuters”

Avvalroq Rossiyada vaksinani ishlab chiqishdagi eng qiyin bosqich bu yashayotgan viruslar aniqlash ekanligi aytilgandi. Xususan, hayvonlarda ham virusologik tadqiqotlar o‘tkazish zarur, ammo bunday tajribalar faqat eng yuqori darajada himoya qilinadigan sharoitlarda bajariladi.

Янгиликлар