“Hududgaz Andijon” internetda tarqalgan “Mahallaga gaz kerak!” sarlavhali xabarga munosabat bildirdi

Andijon viloyatidagi “Hududgaz Andijon” gaz ta’minoti filiali 28-iyul kuni internetda tarqalgan “‘Yaxshi’ mahallasiga gaz kerak!” sarlavhali xabar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Ta’kidlanishicha, ushbu xabarda Andijon shahridagi “Yaxshi” mahallasiga ikki oydan beri suyultirilgan gaz yetib kelmayotganligi haqida yozilgan.

“Hududgaz Andijon” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Andijon shahridagi “Yaxshi” mahallasi o‘ramida 500 dan ortiq iste’molchi istiqomat qiladi va barcha iste’molchilar filialning “Andijonshahargaz” gaz ta’minoti bo‘limi tomonidan muntazam suyultirilgan gaz bilan ta’minlab kelinmoqda.

“Yaxshi” mahallasidagi iste’molchilarga “Andijonshahargaz” gaz ta’minoti bo‘limi tomonidan iyun oyida jami 7960 kilogramm gaz yetkazib berilgan. Jumladan, “60 679 SAA” raqamli maxsus avtotransport vositasida 22-iyun kuni 6045-sonli yuk xati bilan 1240 kilogramm, 6038-sonli yuk xati bilan 1940 kilogramm, 6039-sonli yuk xati bilan 1780 kilogramm, 6029-sonli yuk xati bilan 1580 kilogramm hamda 23-iyun kuni 6063-sonli yuk xati bilan 1420 kilogramm suyultirilgan gaz iste’molchilarga yetkazilgan.

“Murojaatchi aytganidek, suyultirilgan gaz yetkazib berish davriyligi 2 oy (60 kun)ni emas, balki murojaat sanasi (28-iyul)ga ko‘ra, 35 kunni tashkil etmoqda. ‘Yaxshi’ mahallasiga suyultirilgan gaz yetkazib berish ‘Andijonshahargaz’ gaz ta’minoti bo‘limining belgilangan grafigiga ko‘ra amalga oshiriladi hamda navbati kelganda, albatta, iste’molchilarga suyultirilgan gaz yetkazib berilishini ma’lum qilamiz.

Yetkazib berilgan suyultirilgan gazlarning reyestrlari va yuk xatlaridan nusxalar ‘Hududgaz Andijon’ gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati saqlanmoqda”, — deyiladi munosabatda.

Avvalroq Buxoroda 6 oy ichida 8 mingga yaqin gaz jihozlari texnik ko‘rikdan o‘tkazilgani ma’lum qilingandi. Ta’kidlanishicha, 2020-yilda iste’molchilarning 13 805 dona gaz jihozlarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish rejalashtirilgan bo‘lib, dastlabki olti oy ichida 7800 ta gaz jihozlari texnik ko‘rikdan o‘tkazilgan.

Янгиликлар