Samarqandda “Odnoklassniki”da o‘zini ayol sifatida tanishtirib, pul talab qilgan samarqandlik erkak ushlandi

Samarqandda 9-iyul kuni 26 yoshli M.E. “Odnoklassniki” ijtimoiy tarmog‘i orqali “Shoxista Toxirova” nomli profil egasi bilan tanishib qolgan. U o‘zini Andijon viloyati Marhamat tumanida yashovchi “Shoxista” ismli qiz sifatida tanishtirgan, deya xabar beradi Tergov departamenti matbuot xizmati.

Foto: Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti matbuot xizmati

Ma’lum qilinishicha, o‘zaro suhbatlardan keyin M.E. “Shoxista”ga fotosuratlarini yuborganidan so‘ng “qiz” 5 million so‘mni o‘zi ko‘rsatgan bank plastik kartasi hisobiga o‘tkazib bermasa, internet tarmog‘ida sharmanda qilishini bildirgan.

Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv ishlari natijasida profil egasi aslida Samarqand tumanida yashovchi 44 yoshli F.X. ekani aniqlanib, M.E.dan talab qilingan puldan ma’lum bir qismini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Holat yuzasidan Samarqand tumani Ichki ishlar boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi (Tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Buxoroda yoqtirgan yigitiga suratlarini yuborgan qizni qo‘rqitib, 3700 dollar hamda 20 million so‘mlik tilla taqinchoqlarni qo‘lga kiritgan ayol ushlangani haqda xabar berilgandi. Shuningdek, Farg‘onada tovlamachilik yo‘li bilan 6 mln so‘mni qo‘lga kiritmoqchi bo‘lganlar ushlangani xabar qilingan.

Янгиликлар