“Agentlikka ishga qabul qilishning shaffof tizimini yo‘lga qo‘yish ustida ish boshlandi” — Akmal Burhonov
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov 20-iyul kuni o‘zining Telegram’dagi kanalida agentlikka murojaat yo‘llash va ishga joylashish masalalari bo‘yicha ma’lumot berdi.
“Korrupsiya masalasi barchani birdek tashvishga solayotgan, chuqur ildiz otgan illatligini juda yaxshi tushunaman.
Eslatib o‘tmoqchiman, ushbu agentlik O‘zbekiston uchun tamomila yangi tuzilma va, tabiiyki, asosiy faoliyat bilan bir qatorda tashkiliy masalalar, shu jumladan, jamoani shakllantirish masalasi ham kun tartibida turibdi.
Ko‘pchilik ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarim va boshqa aloqa vositalar orqali menga korrupsiya holatlari yuzasidan murojaatlar yuborishmoqda va tezkor munosabat bildirishim yoki choralar ko‘rishimni so‘rashmoqda. Shuningdek, agentlikka ishga joylashish istagida bo‘lganlar o‘zlari haqidagi ma’lumotlarni yubormoqdalar.
Shu munosabat bilan, quyidagilarni ma’lum qilmoqchiman:
Faoliyatimizning ilk kunidan fuqarolarning korrupsiya holatlari haqida agentlikni xabardor qilish imkonini beruvchi maxsus dasturni ishga tushirishga kirishdik.
Shuningdek, agentlikka ishga qabul qilishning tanlovga asoslangan, shaffof tizimini yo‘lga qo‘yish ustida ish boshlandi. Nomzodlarni saralash jarayonini adolatli tashkil etish maqsadida (soha mutaxassislari, jamoat va xalqaro tashkilotlar vakillaridan iborat) maxsus komissiya tuziladi.
Yana bir bor aytaman, bu yangi faoliyat. Uni avvaldan to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishga harakat qilamiz. Shuning uchun ushbu tashkiliy masalalarni hal qilish uchun biroz vaqt talab etiladi”.
Akmal Burhonov, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori
Shuningdek, agentlik direktori tashkilotning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari haqida ma’lumot bergan. Unga ko‘ra, fuqarolar savol, taklif va murojaatlarini Telegram’dagi @antikoruz_bot manziliga yo‘llashi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 14-iyuldagi Prezident qarori bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Akmal Burhonov Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori etib tayinlangan. Agentlik direktori maqomi bo‘yicha vazirga tenglashtirilgan.
Agentlik korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda maxsus vakolatli organ hisoblanadi. Uning asosiy vazifasi mamlakatda korrupsiya holatini tizimli tahlil qilishdan iborat.