Andijon viloyati XTB maktab ta’miri muassasa rahbarlari va o‘qituvchilar hisobidan amalga oshirilishi uchun hech qanday topshiriq berilmaganini ma’lum qildi
Ijtimoiy tarmoqlarda 2020-yil 28-iyulda tarqalgan “Andijon viloyatida ta’mirdan chiqqan maktablarni qayta ta’mirlash buyurildi. Xarajatlar o‘qituvchilar zimmasida” sarlavhali maqolaga Andijon viloyat xalq ta’limi boshqarmasi matbuot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum bo‘lishicha, viloyatdagi barcha umumiy o‘rta ta’lim muassasalari bosqichma-bosqich 3 toifaga bo‘linib, birinchi va ikkinchi toifaga kiritilgan maktablar yangi o‘quv yiliga tayyor holatga keltirilgan. Shuningdek, ta’mirlash ishlari uchinchi toifadagi ta’lim muassasalarida 2020-yil 1-avgust kuniga va investitsiya dasturi asosida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilayotgan maktablarda 15-avgust kunigacha yakunlanishi belgilangan.
Bundan tashqari, tizimda 4-guruh xarajatlarini moliyalashtirishga ruxsat berilgan bo‘lib, umumta’lim maktablarida olib borilayotgan barcha turdagi ta’mirlash, jihozlash va sport anjomlari (shu jumladan, boks qoplari) bilan ta’minlash ishlari mazkur guruh xarajatlari hamda maktablarning byudjetdan tashqari topilgan mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Ta’kidlanishicha, yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ishlari doirasida muassasalarda sanitariya-epidemiologik vaziyat barqarorligini ta’minlash maqsadida jami 764 ta ta’lim muassasasi dezinfeksion tunnellar, antiseptik vositalar, inson tanasi haroratini masofadan o‘lchash moslamalari, tibbiy niqob va rezina qo‘lqoplar bilan ta’minlash ishlari avvaldan olib borilgan moliyaviy hisob-kitoblar asosida markazlashgan tarzda ta’minlanishi rejalashtirilgan. Shuningdek, mahalliy byudjetdan ajratiladigan mablag‘lar aniq belgilangan bo‘lib, hozirda bosqichma-bosqich moliyalashtirilib kelinmoqda, deyiladi xabarda.
Xabarda aytilishicha, yuqorida ko‘rsatilgan barcha ishlarni majburan muassasa rahbarlari, o‘qituvchilar hisobidan va homiylarni jalb etgan holda amalga oshirish yuzasidan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan hech qanday topshiriq yoki ko‘rsatma berilgan emas. Agar bunday holatlar aniqlansa, ularga o‘z vaqtida barham berish maqsadida boshqarma doimiy hamkorlikka tayyor ekanligini ma’lum qilgan.
Avvalroq O‘zbekistonda 2766 ta maktab 45 mingdan ortiq kompyuter bilan ta’minlangani haqida xabar berilgandi.